#Sarhisob_2025
130 ta tashqi reklama ob’ektlarini o‘rnatish huquqi elektron auksion orqali sotuvga chiqariladi
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023 yil 31 avgustdagi 428-sonli qaroriga muvofiq, davlat mulki bo‘lgan yer uchastkalari, binolar hamda inshootlarda yangi o‘rnatiladigan tashqi reklama va axborot ob’ektlarini (konstruksiyalarini) qurish huquqi uchun elektron onlayn-auksionlarni tashkil etishning yangi tartibi joriy etildi.
Mazkur qarorga asosan, tashqi reklama va axborot ob’ektlarini o‘rnatish huquqini elektron onlayn-auksion savdolariga chiqarishdan oldin tegishli viloyat Xalq deputatlari kengashi tomonidan tashqi reklama ob’ektlarini joylashtirish chizmalari tasdiqlanishi shart hisoblanadi.
Hududlardagi ishlarni yanada soddalashtirish va qulaylik yaratish maqsadida “Tashqi reklama” raqamli monitoring elektron tizimi orqali chizmalarni onlayn shakllantirish, kelishish hamda ularning yakuniy ko‘rinishini olish imkoniyati yaratildi. Ushbu tizim tashqi reklama sohasida ochiqlik, shaffoflik va tezkorlikni ta’minlashga xizmat qilmoqda.
Raqobat qo‘mitasi huzuridagi “Raqamli transformatsiya va autsorsing markazi” davlat muassasasi hamkor tashkilotlar bilan birgalikda bir qator viloyatlarda tashqi reklama hamda axborot ob’ektlarini o‘rnatish huquqini auksion savdolariga chiqarish uchun tegishli chizmalarni shakllantirish bo‘yicha quyidagi ishlarni amalga oshirdi.
Natijada jami 130 ta ya’ni:
• Toshkent viloyatida — 12 ta,
• Sirdaryo viloyatida — 9 ta,
• Samarqand viloyatida — 93 ta,
• Namangan viloyatida — 16 ta lot
“E-auksion” elektron savdo platformasiga joylashtirilib, ochiq elektron savdolarga chiqarildi.
Mazkur elektron auksionlar tadbirkorlar uchun teng raqobat muhitini yaratish, tashqi reklama bozorida shaffoflikni oshirish hamda davlat mulkidan samarali foydalanishga xizmat qiladi.
