“FAIR TECh” yagona axborot tizimi “Birja nazorati” va “Komplayens” modullari bilan to‘ldirildi

Payshanba, 21-may, 2026

“FAIR TECh” yagona axborot tizimi “Birja nazorati” va “Komplayens” modullari bilan to‘ldirildi

“Raqamli transformatsiya va autsorsing markazi” davlat muassasasi tomonidan Raqobat qo‘mitasi faoliyatini raqamlashtirish yo‘nalishidagi ishlar izchil davom ettirilmoqda.

2026-yilning birinchi choragida Raqamli texnologiyalar vazirligi va “Kiberxavfsizlik markazi” DUK tomonidan berilgan ekspert xulosalari asosida tasdiqlangan “FAIR TECh” yagona axborot tizimini takomillashtirish maqsadida uning doirasida qo‘shimcha “Birja nazorati” va “Komplayens” modullari ishlab chiqildi hamda Raqobat qo‘mitasi faoliyatiga tatbiq etildi.

Jumladan, “Birja nazorati” modulida tovarlar (tovarlar ro‘yxati nomi) mahsulotlarini birjalarga tasdiqlangan grafik bo‘yicha qo‘yilishi ustidan nazorat o‘rnatish, mahsulotlarning birjadagi sotilish narxlari monitoringi hamda narx manipulyatsiyasi holatlarini aniqlash kabi imkoniyatlar yaratilgan.

“Komplayens” modulida esa raqobat sohasida komplayens joriy qilingan tashkilotlar ro‘yxati yuritilib, ularning qonuniy hujjatlarga mosligi tekshiriladi. Shuningdek, komplayens bo‘yicha olib borilayotgan chora-tadbirlar va ularning natijalari tizimga kiritib boriladi.

Mazkur modullarning joriy etilishi iste’molchilar huquqlarini himoya qilish hamda bozordagi sog‘lom raqobat muhitini ta’minlash samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.