Tadbirkorlik subyektlarida tashqi reklama va tijorat obyektlarini zamonaviy dizayn talablari hamda amaldagi qonunchilik asosida tashkil etish ko‘nikmalarini rivojlantirish maqsadida Raqobat qo‘mitasi huzuridagi Raqamli transformatsiya va autsorsing markazi davlat muassasasi, Savdo-sanoat palatasi Toshkent shahar boshqarmasi, Toshkent shahar hokimligi hamda O‘zbekiston Marketing uyushmasi hamkorligida tadbirkorlar, kompaniya vakillari, dizaynerlar va marketing mutaxassislari uchun trening tashkil etildi.
“Dizayn-kod”, “Reklama toʻgʻrisida”gi Qonun hamda tashqi reklama va axborot obyektlarini oʻrnatish tartibi mavzulariga bagʻishlangan 5 kunlik amaliy treningda quyidagi dastur asosida amaliy bilimlarga ega bo‘ldilar:
• tijorat dizayni va peshlavhalar (viveska) asoslari;
• dizayn maketlarini ishlab chiqish;
• vitrinalarni bezatish va mavsumiy dekoratsiya;
• reklama inshootlarini o‘rnatish uchun ruxsatnoma olish va tasdiqlash jarayonlari;
• reklama va peshlavhalarni joylashtirishning huquqiy jihatlari, qonunchilikni amaliy qo‘llash hamda Qo‘mita talablari.
Trening davomida ishtirokchilar tajribali ekspertlardan amaliy maslahatlar olish, sohaga oid hujjatlar namunalari bilan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Shuningdek, o‘quv dasturi yakunida test sinovidan muvaffaqiyatli o‘tgan ishtirokchilarga kursni tamomlaganlik to‘g‘risida sertifikatlar taqdim etildi.
