#xalqaro_trening
“Biznes rivojining asosiy omili – mijozga sodiqlik va isteʼmolchilar huquqlari ustuvorligi” mavzusidagi xalqaro trening yakunlandi
Raqobat qo‘mitasi tomonidan German Sparkassenstiftung tashkiloti ko‘magida, O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi hamda Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil bilan hamkorlikda tashkil etilgan xalqaro trening o‘z ishini yakunladi.
Tadbirda savdo, tibbiyot va farmatsevtika, umumiy ovqatlanish, uy-joy qurilishi, raqamli xizmatlar va boshqa sohalarda faoliyat yuritayotgan 100 ga yaqin tadbirkorlik subyektlari vakillari ishtirok etdi.
Trening davomida ishtirokchilarga isteʼmolchilarga yo‘naltirilgan biznesni shakllantirish, mijozlar sodiqligini oshirish, isteʼmolchilar huquqlarini taʼminlash, halol raqobat tamoyillarini joriy etish hamda biznesning barqaror rivojlanishida mijoz ishonchining ahamiyati bo‘yicha mahalliy va xalqaro tajribalar taqdim etildi.
Shuningdek, ishtirokchilar bilan amaliy muloqotlar va muhokamalar o‘tkazilib, biznes faoliyatida isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilishga oid talablarni samarali qo‘llash, mijozlar bilan ishlash tizimini takomillashtirish va zamonaviy yondashuvlarni joriy etish masalalari muhokama qilindi.
Tadbir yakunida tadbirkorlik subyektlarida mijozga yo‘naltirilgan yondashuvni kuchaytirish, isteʼmolchilar huquqlari ustuvorligini taʼminlash va halol raqobat muhitini rivojlantirish biznesning uzoq muddatli va barqaror rivojlanishida muhim omil ekani taʼkidlandi.
Xalqaro trening doirasida ishtirokchilar isteʼmolchilar ishonchi va sodiqligini oshirish, xizmatlar sifatini yaxshilash hamda raqobatbardosh biznes modellarini shakllantirish bo‘yicha yangi bilim va amaliy ko‘nikmalarga ega bo‘ldilar.
