CHUST VA POPDA REKLAMA OBYEKTLARI QONUNIYLIGI O‘RGANILDI

Dushanba, 28-sentabr, 2026

"TASHQI REKLAMAGA EʼTIBOR KUCHAYTIRILMOQDA"

CHUST VA POPDA REKLAMA OBYEKTLARI QONUNIYLIGI O‘RGANILDI

Namangan viloyatida tashqi reklama obyektlarini belgilangan tartibda joylashtirish, qonunchilik talablariga rioya etilishini taʼminlash hamda reklama sohasidagi huquqbuzarliklarning oldini olish maqsadida amaliy o‘rganish ishlari olib borildi.

Jumladan, Chust va Pop tumanlari hokimliklari, Namangan viloyati transport, kadastr, qurilish hamda raqobat boshqarmalarining masʼul xodimlaridan iborat ishchi guruh tomonidan tumanlar hududida, xususan, avtomobil yo‘llarining qatnov qismi atrofida o‘rnatilgan tashqi reklama yozuvlari, bannerlar va reklama konstruksiyalarining qonuniyligi o‘rganildi.

O‘rganishlar davomida tashqi reklama obyektlarini joylashtirish uchun zarur hujjatlarning mavjudligi, ularning belgilangan tartibda rasmiylashtirilgani hamda reklama konstruksiyalarining amaldagi talablarga muvofiqligi ko‘rib chiqildi.

QONUNCHILIK TALABLARI TUSHUNTIRILDI

Aniqlangan holatlar yuzasidan reklama obyektlari egalariga O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining:

2020 yil 20 fevraldagi 104-son «Tashqi reklama bozorini tartibga solish to‘g‘risida»gi;

2023 yil 31 avgustdagi 428-son «Tashqi reklama va ijtimoiy axborotning aylanish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi

qarorlari talablari tushuntirildi.

Shuningdek, tegishli ruxsat hujjatlarisiz yoki belgilangan tartibga rioya etilmagan holda o‘rnatilgan reklama obyektlari bo‘yicha qonunbuzilish holatlarini bartaraf etish yuzasidan ko‘rsatmalar berildi.

OGOHLANTIRISH XATLARI TAQDIM ETILDI

Qonunchilik talablariga rioya etilishini taʼminlash maqsadida tegishli reklama obyektlari egalariga Namangan viloyati hokimligining ogohlantirish xatlari taqdim etildi.

Mazkur tadbirlar tashqi reklama sohasida qonuniylikni taʼminlash, reklama obyektlarini belgilangan tartibda rasmiylashtirish, yo‘l harakati xavfsizligi va hududlarning obodonligini taʼminlashga qaratilgan.

Qonunga muvofiq joylashtirilgan tashqi reklama — xavfsiz, tartibli va zamonaviy shahar muhitining muhim qismi.